So'nggi yangiliklar

UzEnergoEngineering mutaxassislari Sifang Electric kompaniyasida relay himoyasi va avtomatika bo‘yicha xalqaro texnik treningda ishtirok etdi

UzEnergoEngineering jamoasi 2026-yil 7–14-may kunlari Xitoyning Pekin shahrida Sifang Electric kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan elektr energetikasi tizimlarida qo‘llaniladigan zamonaviy relay himoyasi va avtomatika texnologiyalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy treninglarda ishtirok etdi. Trening dasturida UzEnergoEngineering mutaxassislari Zulfiya Arislanova, Xalilov Avaz, Mahmudjon Ibaydullayev va Ruziev Javohir, shuningdek Milliy dispetcherlik markazi hamda boshqa loyiha institutlari vakillari qatnashdi. Dastur davomida ishtirokchilar Sifang Electric tomonidan ishlab chiqarilayotgan zamonaviy mikroprotsessorli relay himoyasi va avtomatika terminallarining ishlash tamoyillari, texnik tavsiflari, qo‘llash xususiyatlari, tanlash mezonlari va hisoblash metodologiyalarini o‘rgandilar. Tizimlarni sozlash, himoya algoritmlari, avariya holatlarida ishlash mexanizmlari, ekspluatatsion ishonchlilik va raqamli himoya tizimlarini zamonaviy energetika infratuzilmasiga integratsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Trening dasturidan uskunalarning ishlash prinsiplari, sinovdan o‘tkazish tartiblari, ishga tushirish yondashuvlari hamda real ekspluatatsion holatlarni tahlil qilishga bag‘ishlangan amaliy mashg‘ulotlar ham o‘rin oldi. Ishtirokchilar xitoylik mutaxassislar bilan professional tajriba almashish hamda yuqori kuchlanishli podstansiyalar va energetika obyektlari uchun relay himoyasi va avtomatika tizimlarini loyihalash hamda joriy etishda qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tashrif doirasida delegatsiya Xitoyning Baoding shahriga ham tashrif buyurdi. U yerda Sifang Electric kompaniyasining ishlab chiqarish korxonasiga texnik ekskursiya tashkil etildi. Ekskursiya davomida ishtirokchilar zamonaviy himoya va boshqaruv shkaflarini ishlab chiqarish jarayonlari, sinov laboratoriyalari, sifat nazorati tizimlari hamda korxonada qo‘llanilayotgan ilg‘or muhandislik yechimlari bilan tanishdilar. Trening yakunida barcha ishtirokchilarga kursni muvaffaqiyatli tamomlaganliklarini tasdiqlovchi rasmiy sertifikatlar topshirildi. Mazkur trening dasturi UzEnergoEngineering mutaxassislarining texnik salohiyatini yanada mustahkamlash, ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish va O‘zbekiston energetika tarmog‘ida zamonaviy relay himoyasi hamda avtomatika yechimlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Batafsil o‘qish
UzEnergoEngineering vakillari Industry 4.0 Forum-Conference 2026 tadbirida ishtirok etdi

2026-yil 13-may kuni UzEnergoEngineering vakillari Swissôtel Tashkent mehmonxonasida O‘zbekiston Energetika haftaligi – Uzbekistan Energy Week 2026 doirasida o‘tkazilgan Industry 4.0 Forum-Conference tadbirida ishtirok etdi. Mazkur forum mintaqaning yetakchi energetika va sanoat platformalaridan biri bo‘lib, raqamli transformatsiya va aqlli infratuzilmaning kelajagini muhokama qilish maqsadida xalqaro kompaniyalar, texnologiya yetkazib beruvchilar va soha ekspertlarini bir joyga jamladi. Alpha Electronics tomonidan tashkil etilgan forum-konferensiya Industry 4.0 texnologiyalari, sanoat avtomatlashtirish tizimlari, IT yechimlari, sun’iy intellekt hamda sanoat korxonalarining operatsion samaradorligi va barqarorligini oshirishga qaratilgan aqlli energiya boshqaruvi tizimlariga bag‘ishlandi. Tadbirning asosiy voqealaridan biri IOTICS platformasining taqdimoti bo‘ldi. Mazkur platforma sanoatni raqamlashtirish va avtomatlashtirish uchun mo‘ljallangan integratsiyalashgan ekotizim sifatida quyidagi ilg‘or yechimlarni namoyish etdi: • EMS (Energy Management System) — elektr energiyasi, gaz, suv, issiqlik va qayta tiklanuvchi energiya resurslarini real vaqt rejimida monitoring qilish va boshqarish tizimi; • WMS (Warehouse Management System) — ombor va logistika jarayonlarini intellektual boshqarish tizimi; • MES (Manufacturing Execution System) — ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish va raqamlashtirish tizimi. Konferensiya dasturidan shuningdek ekspertlar ma’ruzalari, amaliy joriy etish tajribalari, sanoat boshqaruvida sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha muhokamalar, networking sessiyalari hamda raqamli transformatsiya va aqlli sanoat infratuzilmasiga bag‘ishlangan B2B uchrashuvlar o‘rin oldi. Industry 4.0 va intellektual avtomatlashtirish yo‘nalishidagi tadbirlarda ishtirok etish UzEnergoEngineering kompaniyasining ilg‘or muhandislik texnologiyalarini joriy etish, raqamli transformatsiyani qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston energetika va sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan strategik yondashuvini yana bir bor tasdiqlaydi.

Batafsil o‘qish
Bizning hamkorlar

Bizning hamkorlar

Biz sifat, ishonchlilik va innovatsiyaga sodiq bo’lgan ishonchli mahalliy va xalqaro hamkorlar bilan ishlaymiz. Birgalikda mijozlarimiz uchun haqiqiy qiymat yaratadigan yechimlarni taqdim etamiz.

O‘ZBEKENERGOTA’MIR
Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ
Techno Cable Group
Nura Group
Protechsys
O'ZENERGOSOZLASH
UET GROUP